O`zining «Ettidan etmishgacha» deb nomlangan yangi konsert dasturini havola etish istagida bo`lgan Avaz OXUN shu kunlarda juda band. Shunga qaramay, suhbatlashishga bajonidil rozi bo`ldi. Nooadatiy savollarimiz bilan cho`chita olmagan bo`lsak-da, u haqida hech kim bilmagan ma`lumotlardan xabar topdik.
— Atay kimnidir kulguga olgan paytingiz bo`lganmi? — Sahnada ha, hayotda yo`q! Sahna chiqishlarida kimdandir murojaat kelib tushsa, aytaylik, bu tomoshabinlardan biriyoki hamkasblar bo`lsa, hazil tariqasida kulguga olishim mumkin. Bu mening javobim bo`ladi-da. Lekin hayotda atay kimnidir kulgu qilmayman.
— Bir kun kelib hazil qilish uchun mavzu qolmasa... — Qaerdadir qolib ketgani bo`lar, qidiramiz! Har konsertdan so`ng mavzular qopi bo`shab qoladi, uni qayta to`ldirish uchun yangilarini izlab topish kerak. Qisqasi, mavzu axtarish bu Avaz Oxunning har doimgi ishi.
— Rostini ayting, boshqa so`z ustalarining repertuaridan ko`chirmakashlik qilganmisiz? — Yo`q! Repertuarni tomosha qilib ilhomlangan bo`lishim mumkin, lekin ko`chirmakashlik qilmaganman. Boshqa san`atkorlar tomonidan ijro etilgan latifalardan foydalanib turaman, negaki ular xalq mulki. Biroq hech kimning mualliflik ishidan nusxa olmayman.
— Avaz Oxun qachon yolg`on gapiradi? — Aytadigan so`zim yaxshilikka xizmat qilishi mumkinligini bilsam, yolg`on ishlataman. Ammo yolg`onchilarga hushim yo`q.
— Sizdan qarz so`raydiganlar ko`pmi? — Qarz olganlar ko`p (kuladi). Olishga olishgan-u, hali qaytarib berishmayapti.
— Nechta hazilni yoddan bilasiz? —To`g`risini aytsam, hisoblab ko`rmagan ekanman. Shu yilgisi bilan bu to`rtinchi konsert dasturim bo`lsa, to`xtamay, bir gapni ikkinchi marta takrorlamay sakkiz soat gapirishim mumkinligini bilaman.
— Qiziqchilar «duel»i tashkil qilinsa, sizning raqibingiz kim bo`lishi mumkin? — Bilmasam... Kim bilan «duel»ga chiqishimning ahamiyati yo`q. Raqobatlashishga qarshi emasman.
— Bolta sho`rva tayyorlab ko`rganmisiz? — Ha! Talabalik davrimiz bolta sho`rva, piyoz sho`rva kabi tansiq taomlarimiz bo`lardi. Buxanka nondan tort ham tayyorlaganmiz.
— Mashhurlik pand beradimi? — Ba`zan... Tanila boshlaganingizdan so`ng atrofingizdagi insonlarning sizdan ranjib qolishlari oson bo`larkan. Kimningdir biror iltimosini bajara olmasangiz yoki muomalangizni go`yoki o`zgarib qolgandek qabul qilishsa, darrov xafa bo`lishadi. Vaholanki, siz o`sha-o`shasiz. Nega shunday, hayron bo`laman.
— Siz bilan xizmat haqini savdolashish mumkinmi? — «Falon so`mga boraman, tamom-vassalom» deydigan odatim yo`q. Hurmat qilib taklif qilishyaptimi, albatta, to`y egasining imkoniyatini hisobga olaman. Shu bilan birga, me`yorni ushlashga ham harakat qilaman.
— Chin aytyapsizmi? Nega hech qaerda eshitmaganmiz? — To`y yoki tadbirlarga qo`shiq aytishim uchun chaqirishmaydi-ku. «Kuylab bering» deyishsa, bajonidil, bunisini ham do`ndiramiz.
— Avaz aka, o`n yildan keyin sizning o`rningizda kim bo`lishi mumkin? — Bashoratlardan juda qo`rqaman. Taqdirdan bari. Bugun Avaz Oxun bo`lib elga tanilishimni ham bir paytlari tasavvur qilolmasdim. Xayol qilganim rost, ammo bunchalik bo`ladi deb o`ylamagandim. «Yigit kishining omadi bilan hech qachon hazillashmang» deyishgani to`g`ri ekan. Samarqandlik shogirdim bor, Diyorjon Faxriev. U bilan astoydil shug`ullanyapman, nasib qilsa, siz aytgan savolning javobini shu yigit berar degan niyat ham yo`q emas.
— Demak, ustozlik qilyapsiz? — Ha! Asli shogirdlarim ko`p. Diyorjonni aytganim, undan umidim katta. Hali bu yigit haqida eshitasiz.
Уважаемый посетитель, Вы зашли на сайт как незарегистрированный пользователь. Мы рекомендуем Вам зарегистрироваться либо войти на сайт под своим именем.
Опрос
Ayol xonandalardan qaysilari yoqadi?