O‘tgan haftaning oxirida internet-gazetalar va ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda ham chiroyli tartibda joylashgan avtomobil davlat raqamlari sotilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Bu xabarda hatto narxlar jadvali ham ilova qilingan edi. Ya’ni, unga ko‘ra birinchi toifadagi “Platina” raqamlari (001, 005, 007, 500, 700, 555, 777) eng kam oylik ish haqining 200 baravari miqdorida, ikkinchi toifadagi “Oltin” raqamlar (002 dan 009 gacha, 100, 200, … 900, 111, 222, … 999) eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdorida, uchinchi toifadagi “Kumush”raqamlar (010, 020, …. 090, 077, 101, 202, … 909, 770) eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida, to‘rtinchi toifadagi “Bronza” raqamlari (011, 022, … 066, 088, 099, 110, 220, …. 660, 880, 990, 701 dan 706 gacha, 708, 709, 717, 727, … 767, 787, 797) eng kam oylik ish haqining 20 baravari miqdorida baholangan. Bunday aniq-tiniq ma’lumot ilova qilingani bois xabarga avvaliga juda ko‘pchilik ishondi va u jamoatchilikni xursand qildi ham. Zero, hayotda ana shunday raqam ishqibozlari juda ko‘plab topiladi. Ular esa aksariyat holda o‘zlari istagan raqamni ololmasdan xunob bo‘lishadi, buning uchun hatto kimlar bilandir jinoiy til biriktirishga ham urinib yurishadi.
Ammo tinib-tinchimas axborot tarqatuvchilar ko‘p o‘tmasdan bu xabarning haqiqat emasligi to‘g‘risida ham yoza boshlashdi. Chunki, tarqatilgan jadvalning rasmiy kuchga emasligi tezda ma’lum bo‘lgan edi. Ya’ni bunaqa rasmiy hujjatni hech qaysi manba topib bera olmagan. Shu bois, sohaga aloqador nashr sifatida, biz ham IIV YHXXBB Matbuot bo‘limiga murojaat qilib masalaga yana bir marta oydinlik kiritib oldik — xabar rasmiy kuchga emas.
To‘g‘risi, biz so‘rovimizga javoban biron umidli mujda olarmikinmiz deb ham o‘ylagan edik. Axir tarqatilgan xabar, qanchalik rost yo yolg‘on bo‘lishiga qaramasdan, yurtdoshlarimizning xohishlariga muvofiq edi. Buning ustiga, avtomobillar uchun chiroyli davlat raqamlarini rasman sotish tajribasi xalqaro amaliyotda allaqachon keng qo‘llanib kelinadi. Bu tadbir xorijda asosan avtohavaskorlarning talablarini qondirish, davlat byudjetini to‘ldirish, eng muhimi esa, shunday raqamlarga egalik qilish yo‘lidagi jinoiy xatti-harakatlarning oldini olishni ko‘zda tutadi. Internet manbalarining ma’lum qilishlaricha, ularning sotuvi hatto yaqin qo‘shnilarimiz — Qirg‘iziston va Qozog‘istonda ham joriy etilgan. Bu mamlakatlarda shu yo‘l bilan chiroyli davlat raqamlarining jinoiy savdosiga chek qo‘yib, jinoiy guruhlarning cho‘ntagini to‘ldirayotgan pullarni davlat xazinasiga yo‘naltirishga erishgani ham ma’lumotlarda qayd etiladi.
Shularni inobatga olgan holda va ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarimiz bildirayotgan o‘rinli takliflardan kelib chiqib bizda ham mutasaddi idoralar bu haqda o‘ylab ko‘radilar va hukumatga tegishli taklif kiritadilar deya umid qilishimizga asos bor. Shunda yaqin kelajakda bu xabar rasman e’lon qilinib, jamoatchilikni rostakamiga xursand qilsa ham ajab emas.
Iroda AZIMOVA, “Avto plyus” gazetasi maxsus muxbiri
Уважаемый посетитель, Вы зашли на сайт как незарегистрированный пользователь. Мы рекомендуем Вам зарегистрироваться либо войти на сайт под своим именем.
Опрос
Вы откуда?