Chaqmoqning bir chaqnashida taxminan 5 milliard joul energiya jamlangan bo‘ladi. Bitta kichikroq chaqmoq zaryadi bilan butun boshli uyning bir kunlik elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirsa bo‘ladi. Yirik chaqmoqlarning energiyasi esa atom bombasi portlagandagi energiya miqdoriga teng. Agar insoniyat qazilma yoqilg‘i o‘rniga, boshqa energiya manbalaridan foydalanish haqida bosh qotirayotgan ekan, xo‘sh, unda nega chaqmoq energiyasidan ham foydalanish xususida hech qanday amaliy harakat ko‘rmayapmiz?
Albatta, hammasi ham bir qarashda biz o‘ylaganimizchalik jo‘n emasligiga ko‘pchilikning aqli yetadi. Shunga qaramay, chaqmoq energiyasidan zaryad olib ishlaydigan kir mashina bo‘lsa, juda ajoyib bo‘lardi.
Muammolardan eng kattasi shuki, chaqmoq energiyasi juda qisqa muddatda, sanoqli lahzalar ichida juda tor havo yo‘lagida to‘planadi va sochilib ketadi. Agar olimlar ushbu bir necha mikrosekund vaqt ichida to‘planadigan chaqmoq zaryadini “tutib qolishni” uddalagan taqdirda ham, birdaniga paydo bo‘lgan bir necha million volt kuchlanishni qayerda va qanday saqlash masalasi ko‘ndalang bo‘lib chiqadi. Albatta, buning uchun maxsus materiallar, chaqmoqni tutish va uning energiyasini foydali energiyaga aylantirish sistemasi, keyin esa ushbu energiyani saqlash, qayta ishlash va iste’molchiga uzatish sistemasini barpo qilish kerak bo‘ladi.
Bunga ketadigan sarf-xarajat esa olinadigan natijadan kattaroq bo‘lishi ehtimoli katta. Bir qarashda uzun metall sterjen yordamida havodan chaqmoq elektr zaryadlarini tutib olish mumkindek ko‘rinadi. Biroq amalda bunday mexanizmni tayyorlash favqulodda mushkul. Chunki chaqmoq kelib uradigan zarbaga dosh beradigan metall ustunni yasash juda qiyin. U birinchi zarbadayoq maydalanib ketishi ehtimoli bor. Boz ustiga hozirda chaqmoq aynan qachon va qayerda urishini aniq hisoblab beradigan texnologiyalar mavjud emas. Qolaversa, chaqmoqni tuta olgan taqdirda ham, olimlar uning musbat yoki manfiy zaryaddan qaysi birini tashiyotganini oldindan bila olmaydilar. Ya’ni chaqmoq zaryadini aniqlaydigan texnologiyaning o‘zi yo‘q.
Okeanografiya va atmosfera tadqiqotlari AQSh milliy boshqarmasi mutaxassislarining hisob-kitoblariga ko‘ra, chaqmoq urishi paytidagi zarba chastotasi soniyasiga 44 martagacha bo‘lar ekan. Tasavvur qilyapsizmi, chaqmoq bir joyga zarba berganda u o‘zidagi katta kuch bilan aynan shu joyning o‘ziga bir soniyada 44 martagacha zarba berar ekan. Shunga ko‘ra, chaqmoqning aynan qayerga urishini oldindan aniq aytish ehtimoli ham atigi 44 foizni tashkil qiladi xolos. Qolaversa, chaqmoqlar asosan tropiklarda va alohida olis tog‘ hududlarida ko‘proq uchraydi. Bu esa mazkur yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlar uchun katta to‘sqinlik paydo qiladi. Va odatda chaqmoq ko‘p chaqadigan joylarda odam kam yashaydi yoki deyarli yashamaydi va bu joylarda energiyaga bo‘lgan ehtiyoj minimal bo‘ladi. Shunga qaramay, hozirda jahon energetikasida chaqmoq energiyasidan foydalanish masalasi ham oz bo‘lsa-da o‘rganilmoqda va balki kelajakda bu borada ham yaxshi yangiliklar bo‘lib qolsa, ajabmas.скачать dle 10.5фильмы бесплатно
Уважаемый посетитель, Вы зашли на сайт как незарегистрированный пользователь. Мы рекомендуем Вам зарегистрироваться либо войти на сайт под своим именем.
Опрос
Ayol xonandalardan qaysilari yoqadi?